Tramp Si Jinpin bilan telefon orqali suhbatlashganini tasdiqladi.
AQSh prezidentining ma’lum qilishicha, u Xitoy rahbari bilan savdo masalalarini muhokama qilgan, Ukraina mavzusi esa ko‘tarilmagan.
"Biz yaqinda erishilgan savdo bitimining ayrim nozik jihatlarini muhokama qildik. Suhbat taxminan bir yarim soat davom etdi va ikki davlat uchun ham juda ijobiy natija bilan yakunlandi. Endilikda nodir elementlarni yetkazib berish yuzasidan hech qanday savol bo‘lmasligi kerak. Tegishli jamoalarimiz yaqin kunlarda uchrashishadi.
Bundan tashqari, Si Jinpin meni Xitoyga taklif qildi va men bu taklifni qabul qildim. Ikki buyuk davlat rahbarlari sifatida biz bu uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Suhbat deyarli to‘liq savdo mavzusiga bag‘ishlandi. Rossiya, Ukraina yoki Eron borasida hech narsa muhokama qilinmadi. Bo‘lajak uchrashuv sanasi va joyi haqida matbuotga alohida xabar beramiz", — deb yozdi Qo‘shma Shtatlar prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.