Xitoy hozirda Nepalning ehtiyojlarini inobatga olgan holda shoshilinch insonparvarlik yordamining uchinchi partiyasini yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda chorshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Go Szyakun ma’lum qildi, deb xabar beradi Sinxua.
Uning aytishicha, Xitoy tomonidan taqdim etilgan shoshilinch insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasi seshanba kuni tushdan keyin Nepal poytaxti Katmanduga yetib borgan. Shu samolyotda DNK orqali shaxsni aniqlash bo‘yicha besh nafar mutaxassis ham Nepalga borib, tegishli ishlarga yordam beradi.
Go Szyakun 26 avgustda ikki davlatning chegaradosh hududlarida sel oqimi sodir bo‘lganidan so‘ng Nepal tomoni Xitoyning qo‘shimcha yordam va texnik ko‘mak ko‘rsatgani uchun minnatdorchilik bildirganini ta’kidladi.
Xitoy diplomati ma’lumotiga ko‘ra, Nepalning ehtiyojlaridan kelib chiqib, insonparvarlik yordamining uchinchi partiyasi tarkibiga Beyli ko‘priklari, epidemiyalarning oldini olish uchun zarur materiallar va shoshilinch aloqa vositalari kiradi. Shuningdek, Xitoy DNK orqali shaxsni aniqlash bo‘yicha mutaxassislarning ikkinchi guruhini yuborishga tayyor.
Go Szyakun Xitoy Nepaldagi fuqarolari va muassasalarining xavfsizligiga katta ahamiyat berishini aytdi. Hozirda Xitoy tomoni Nepal hukumati bilan hamkorlikda bedarak yo‘qolgan Xitoy fuqarolarini topish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Uning aytishicha, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan Nepal hududlarida qariyb 100 nafar Xitoy fuqarosi hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Xitoy tomoni Nepal tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni yuqori baholab, mamlakatdagi Xitoy fuqarolarini qutqarish va evakuasiya qilish ishlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga umid qilishini bildirgan.
Xitoyning Nepaldagi elchixonasi yordamga muhtoj bo‘lgan Xitoy fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni davom ettiradi.
Kiritildi: 15:55 03.09.2026.
O'qildi: 691 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.