Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro dunyo e’tiborini tortgan bir paytda, Xitoy Qozog‘istonda o‘tkazilgan ikkinchi “Xitoy–Markaziy Osiyo” sammiti orqali butun mintaqaning geosiyosiy arxitekturasiga ta’sir o‘tkazuvchi qadam tashladi.
Yaqin Sharqdagi keskin ziddiyatlar, jumladan, Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro, xalqaro hamjamiyat diqqatini to‘liq jalb qilgan bir paytda, Xitoy Markaziy Osiyoda strategik harakatga o‘tdi. Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Xitoy–Markaziy Osiyo” ikkinchi sammiti bu mintaqaning siyosiy va iqtisodiy kelajagini belgilab beradigan muhim voqelikka aylandi.
Sammitda Xitoy rahbari Si Szinpin, shuningdek, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston prezidentlari ishtirok etdi. Unda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik sarhisob qilindi, kelgusi istiqbollar belgilandi. Boshqa yirik kuchlar harbiy mojarolar bilan band ekan, Pekin mintaqani diplomatik va iqtisodiy vositalar orqali o‘z ta’siriga jalb qilmoqda.
Sammitda “abadiy do‘stlik” va “umumiy taqdir hamjamiyati” kabi shiorlar ortida infratuzilma, ta’lim, energiya, texnologiyalar sohalarida institusional hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xitoy qashshoqlikka qarshi kurash, cho‘llanish va ta’lim sohalarida uchta yangi markaz tashkil etishini e’lon qildi. Bu tashabbuslar Xitoyning mintaqadagi ta’sirini davlat boshqaruvigacha chuqur singdirishga qaratilganini ko‘rsatadi.
Xitoy shuningdek, mintaqada “yumshoq kuch”ni kuchaytirish niyatida. Konfusiy institutlari va tibbiyot markazlari orqali kelajak avlod ongiga ta’sir ko‘rsatish rejalashtirilmoqda. Bu jarayon Markaziy Osiyoni shunchaki geosiyosiy shaxmat taxtasidagi figura emas, balki mustaqil siyosiy aktyorga aylantirishga xizmat qiladi.
G‘arb davlatlari bu jarayonni oxirgi o‘ringa surib qo‘ymasligi kerak. Chunki Xitoy harbiy bazalar yoki tahdidlarsiz, muloqot, investisiya va ta’lim orqali uzoq muddatli ta’sirini mustahkamlamoqda. “Xitoy–Markaziy Osiyo” sammiti — bu nafaqat muloqot, balki amaliy strategik rejaning yo‘lga qo‘yilishidir.