Gazetaning manbalariga tayanib xabar berishicha, sentyabr oyi oxirida Xitoy Kibermakon boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarni “salbiy va pessimistik kayfiyatlarni haddan tashqari bo‘rttiradigan” va “tushkunlik”ni ilgari suruvchi, masalan, “astoydil ishlash befoyda” va “farzandli bo‘lish iqtisodiy jihatdan samarasiz” kabi kontentlardan tozalash bo‘yicha ikki oylik kampaniyani e’lon qildi.
"Mazkur kampaniya doirasida bir nechta taniqli blogerlarning akkauntlari bloklandi. Ular orasida minimalist hayot tarzini va martaba ambisiyalaridan voz kechishni targ‘ib qilgan ikki bloger ham bor. Yana bir faol “Uylanmaslik va farzand ko‘rmaslik iqtisodiy jihatdan oqilona tanlov”, degani uchun uchun cheklovlarga duch keldi. Shuningdek, G‘arbdagi hayot sifati Xitoyga qaraganda yuqori ekanidan shikoyat qilgan sharhlovchi ham bloklandi. Bloklangan blogerlarning ba’zilari o‘n millionlab auditoriyaga ega edi", deyiladi The New York Times maqolasida.
Bundan tashqari, Xitoyning turli shaharlarida mahalliy hokimiyatning buyrug‘i bilan ijtimoiy tarmoqlardagi shahar muhiti sifati va uy-joy narxidan shikoyat qiluvchi akkauntlar ham bloklanmoqda. Weibo ijtimoiy tarmog‘ida 1200 dan ortiq akkaunt mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasi holati haqida “mish-mishlar tarqatgani” uchun bloklandi.