Xitoy AQShdan ko‘mir va suyultirilgan tabiiy gaz importiga 15 foizli, neft va boshqa mahsulotlar, jumladan avtomobil hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi importiga esa 10 foizli bojxona tariflarini joriy etadi.
Bu qaror AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoy importiga nisbatan amalda bo‘lgan tariflarga qo‘shimcha ravishda 10 foizlik boj joriy etish to‘g‘risidagi qaroriga javoban qabul qilindi.
Tramp, shuningdek, Meksika va Kanadadan importga 25 foizlik boj joriy etilishini aytgan edi, biroq kecha u ushbu choralarni ikki davlat rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng bir oyga kechiktirdi. Muzokaralar natijasida mazkur davlatlar o‘z chegaralarini himoya qilishni kuchaytirishga rozilik bildirdilar.