Gruziya Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda muhim qaror ostonasiga kelib qoldi. Bryussel Tbilisidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishni talab qilmoqda, aks holda gruziyaliklar uchun vizasiz sayohat tartibi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Shalva Papuashvilining ta’kidlashicha, bunday talablarni bajarish mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Gruziyadan o‘z mamlakatini iqtisodiy jihatdan zaiflashtirish talab qilinmoqda. Vizalar esa siyosiy bosim vositasiga aylantirilmoqda”, dedi parlament raisi.
Irakliy Kobaxidze ham G‘arb davlatlari bir necha yildan buyon Tbilisidan Rossiyaga qarshi cheklovlarga qo‘shilishni talab qilib kelayotganini aytdi.
Ayni paytda Rossiya Gruziyaning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili qariyb 2,7 milliard dollarga yetgan. Gruziya Rossiyaga asosan mineral suv, meva-sabzavot va yong‘oq eksport qilsa, Rossiyadan neft mahsulotlari, gaz, bug‘doy va boshqa mahsulotlar import qilinadi.
Ayrim ekspertlar fikricha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilish Gruziya uchun muhim bozorning qisqarishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarning yomonlashishi ham mamlakatning yevrointegrasiya rejalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
So‘nggi yillarda Bryussel va Tbilisi o‘rtasidagi munosabatlar mamlakatdagi siyosiy jarayonlar, muxolifatga munosabat va demokratik islohotlar masalalari tufayli murakkablashgan.
Shu tariqa, Gruziya hozir iqtisodiy manfaatlar va Yevropa bilan yaqinlashuv o‘rtasidagi murakkab tanlovga duch kelmoqda. Bu qaror mamlakatning tashqi siyosati va iqtisodiy kelajagiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.