Bu haqda Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Dubravka Shuisa ma’lum qildi.
"Evropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat Suriyani tiklash uchun 5,8 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ajratadi. Ushbu mablag‘ning 4,2 milliard yevro qismi grant sifatida berilsa, 1,6 milliard yevro kredit shaklida taqdim etiladi", — deya aniqlik kiritdi Shuisa.
Germaniya esa Suriya aholisi va qo‘shni mamlakatlardagi suriyalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 300 million yevro ajratishini ma’lum qildi.
BMT Loyihalar xizmati boshqarmasi (UNOPS) rahbari Xorxe Moreyra da Silvaning ta’kidlashicha, Suriya hanuz iqtisodiy va ijtimoiy inqirozni boshidan kechirmoqda. Eng muammoli sohalar sifatida ichimlik suvi ta’minoti, transport, energetika, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari qayd etilgan.
BMT vakillari Suriyani tiklash bo‘yicha rejalar mamlakatning o‘zida ishlab chiqilishi kerakligini ta’kidlab, xalqaro hamjamiyatni Yevropa Ittifoqi tajribasidan o‘rnak olishga chorladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YEI Bashar Asad davrida Damashqqa nisbatan joriy qilingan sanksiyalarning bir qismini bekor qilgan edi.