Nyu-York shahrida EKOSOS sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan saylovlar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi 2027–2029 yillar uchun BMTning jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasi a’zoligiga saylandi.
Mazkur komissiya 1992 yilda Vena shahrida tashkil etilgan bo‘lib, EKOSOS tizimidagi asosiy hukumatlararo organlardan biri hisoblanadi. U jinoyatchilikning oldini olish, jinoiy adolatni rivojlantirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash sohasida global siyosatni belgilaydi. Komissiya 40 ta davlatdan iborat bo‘lib, ular uch yil muddatga saylanadi.
Saylov jarayoni yuqori raqobat sharoitida kechdi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 4-o‘rin uchun O‘zbekiston, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Saudiya Arabistoni nomzod bo‘lgan.
Saylov arafasida Hindiston nomzodini qaytarib olganiga qaramasdan, raqobat yuqori darajada saqlanib qoldi. Shu sharoitda O‘zbekiston nomzodi barcha EKOSOS a’zolari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Komissiya tarkibiga AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Peru kabi davlatlar ham saylangani mazkur organning yuqori nufuz va keng qamrovga ega ekanini ko‘rsatadi.
Komissiyadagi a’zolik mamlakatimiz uchun qator yangi imkoniyatlarni ochadi. Jumladan, jinoyatchilikning oldini olish va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarni shakllantirishda ishtirok etish, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, milliy jinoiy adliya tizimini yanada takomillashtirish uchun ekspert va texnik ko‘makni jalb etish imkoni yaratiladi.
O‘zbekistonning komissiyadagi uch yillik a’zoligi 2027 yil 1 yanvardan boshlanadi va 2029 yil yakuniga qadar davom etadi.