"Real" prezidenti Florentino Peres jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso bilan kelisha olmayapti. Ispaniyaning Sport nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, klub rahbari va boshqaruv jamoasi yangi yarim himoyachi masalasida yakdil pozisiyaga ega emas.
Alonso Karlo Anchelottiga o‘xshashni istamaydi. Yosh murabbiy "Real"ning transferlar borasidagi qarorlariga ta’sir o‘tkazishga intilmoqda. Xabi jamoada yangi xavbek ko‘rishni istamoqda va Anjelo Shtiller, Nikolo Barella yoki Kes Smit kabi futbolchilarni taklif qilgandi. Ammo bu nomzodlar Peresga yoqmadi. "Real" prezidenti faqat sinalgan futbolchi - masalan, Rodri transferini moliyalashtirishga tayyor.
Shu bilan birga, Peres tarkibni kuchaytirish kerakligini tushunib turibdi - "Real" prezidenti klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi jamoa o‘yinidan norozi bo‘ldi. "Qaymoqranglilar" yarim finalda "PSJ"ga 0:4 hisobida yutqazib qo‘ydi.