Ilon Maskning neyrotarmog‘i avtomatik ivrit tarjimasi ma’no buzilishi sabab o‘chirib qo‘yilganini ta’kidladi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa bu qaror isroillik blogerlar tomonidan sodir etilayotgan harbiy jinoyatlarni qo‘llab-quvvatlashni yashirishga urinish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.
Avval Twitter nomi bilan tanilgan X platformasi ivrit tilidagi postlarning avtomatik tarjimasini o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Isroilning «Israel xayom» gazetasi xabar berdi. X platformaciga o‘rnatilgan Grok boti mazkur funksiya keskin vaziyatda kontekst buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘chirilganini aytgan. Shuningdek, kompaniya tomonidan hech qanday rasmiy bayonot berilmagan.
Xabarga ko‘ra, cheklov aynan lentada ko‘rinishdan oldin qo‘llaniladigan avtomatik tarjimaga taalluqli. Shu bilan birga, «Tarjimani ko‘rsatish» tugmasi faol bo‘lib qolmoqda va ivrit tilidagi postlar boshqa tillardagi kabi shu tugma orqali tarjima qilinadi. Grok boti noaniq tarjimalar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan provokasion yoki qoidalarga zid talqinlarning oldini olish maqsad qilinganini bildirgan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rov qilinganda bot cheklov faqat ivrit tiliga tegishli ekanini va platformaning rasmiy siyosati sifatida joriy etilganini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, boshqa tillar bo‘yicha bunday choralar qo‘llanilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar bu qaror Falastin aholisiga qarshi genosidga chaqiriqlarni, shuningdek mashhur isroillik blogerlar, jurnalistlar va siyosatchilar tomonidan sodir etilayotgan harbiy jinoyatlarga munosabatlarni yashirish urinishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan.