Samarqand viloyati shaxmat federasiyasining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab joriy yilning 9 oyi davomida viloyatda shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
– Bugungi kunda viloyatda uch ming nafardan ziyod sportchi shaxmat bilan shug‘ullanadi va ularga 110 nafar trener biriktirilgan, – deydi viloyat shaxmat federasiyasi ijrochi direktori Jamshid Akobirov. –O‘zbekiston shaxmat terma jamoasining asosiy tarkibiga viloyatimizdan 8 nafar, zaxira tarkibiga 3 nafar sportchi qabul qilingan. Joriy yilda viloyatimizda ikkita xalqaro darajadagi musobaqa, to‘rtta viloyat chempionati, ikkita viloyat kubogi musobaqalari tashkil etildi. Sportchilarimiz respublika musobaqalarida 2 ta oltin, 4 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lgan samarqandlik Jahongir Vohidov jamoaviy bahsda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, olimpiadaning qizlar bahsida viloyatimiz sportchilari Afruza Hamdamova va Marjona Malikova munosib ishtirok etdi.
Shundan so‘ng viloyat shaxmat federasiyasining yangi rahbariyati saylandi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov federasiya raisligiga, xalqaro toifadagi grossmeyster Tohir Vohidov, yoshlar ishlar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Boboyev hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shahzod Eshonqulov rais o‘rinbosarligiga ma’qullandi.
Yig‘ilishda 2026 yil Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish, viloyatda shaxmatni rivojlantirish va ommalashtirish borasida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Tadbir yakunida Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritgan va faol ishtirok etgan shaxmatchilar – Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova va Marjona Malikovaga viloyat hokimining tashakkurnomasi topshirildi.