Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev qabulida bo‘lgan onaxon noma’lum sababga ko‘ra qizi tomonidan tahqirlandi. Bu haqda qashqadaryolik bloger Husan Komiljonovning Telegram kanalidagi video ma’lum qildi, deb yozadi "Daryo".
Qayd etilishicha, Qarshi shahridagi 18-sonli yotoqxonada istiqomat qiluvchi nogironligi bor oilaning keksa yoshli a’zosi Qarshi shahar hokimligida turib, viloyat hokimi Zoir Mirzayev bilan Zoom orqali muloqot qilgan va oilaga ikki xonali uy qurib berilishini so‘ragan.
Muloqot davomida so‘z olgan Qarshi shahar hokimligi vakili Orasta Tosheva viloyat rahbariga ma’lumot berib, 2020—2021 yillarda Qarshi shahar hokimligi va homiylar tarafidan ushbu oilaga 56 million 500 ming so‘mlik moddiy yordam, uy-joy qurish uchun 2 sotix yer va yaqinda oilaning bo‘yi yetib qolgan qizining to‘yi uchun oziq-ovqat mahsulotlari berganligini, keksa onaxonga esa nogironlik aravachasi va gigiyena mahsulotlari yetkazilganini ochiqlagan.
«Viloyat hokimi ishchi guruh tuzib, vaziyatni batafsil o‘rganishini, shuningdek, onaxonni davlat vasiyligiga olib yaxshi parvarish qilish lozimligi haqida uning qiziga taklif bilan chiqdi», — deydi bloger Husan Komiljonov.
Qizi tomonidan tahqirlangan keksa ona holatini videoga olgan Qarshi shahar hokimligi mas’uli onaxonga qilingan holat birinchi marotaba emasligini, fuqaro Ozoda Himmatova bundan avval ham shu harakatlarini amalga oshirganini aytmoqda.
«2021 yilning 25- yoki 26 iyul kuni edi. Ozoda Himmatova shahar hokimligiga kelib, onam Toshkentda o‘lib qoldi, o‘ligini olib kelay deb 2 million so‘m pul so‘radi. Biz ham oilaga, onaxonga achinganimizdan xayriya pullaridan 2 million so‘m pul berdik. So‘ngra avval Sog‘liqni saqlash vazirligiga keyin ToshMIga qo‘ng‘iroq qilib, onaxon haqida surishtirdik. Shifoxonadagilar onaxonning tirik ekanini aytishdi. Fuqaroning xatti-harakatidan juda ranjidik», — deydi «Daryo» muxbiriga bu haqda gapirib bergan mas’ul.
Videoni suratga olgan va vaziyatni izohlagan mas’ulning aytishicha, qiz onasini viloyat rahbaridan eplab pul so‘rab ololmagani uchun tahqirlagan.
«Biz shu darajaga yetib keldikmi? Nahotki shu onaxonni zulmkorlar qo‘lidan oladigan davlatning birorta idorasi bo‘lmasa? Videoni ko‘rib yuragim ezilib ketdi. Essiz ona...», — deydi bloger Husan Komiljonov.
Blogerning qo‘shimcha qilishicha, video mas’ul tashkilotlarga ham yuborilgan. Fuqaroning xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.