Politico nashri tahliliga ko‘ra, AQSh tomonidan Nikolas Maduroni tezkor ravishda qo‘lga olinishi Rossiyaning o‘z ittifoqchilarini himoya qilish borasidagi imkoniyatlari cheklanganini yana bir bor ochiq-oydin ko‘rsatdi. Moskva rasman Venesuela hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelganiga qaramasdan, inqiroz chog‘ida hech qanday ta’sirchan chora ko‘ra olmadi.
Nashr qayd etishicha, ushbu voqea Kremlning o‘zini global qutb sifatida ko‘rsatish, G‘arbga muqobil «ko‘pqutbli dunyo» yaratish haqidagi da’volarini jiddiy shubha ostiga qo‘ydi. Rossiya Venesuela, Suriya va boshqa davlatlar bilan strategik ittifoqchilik munosabatlarini namoyish etsa-da, real vaziyatda bunday sheriklarini himoya qilish yoki qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli siyosiy va harbiy resurslarga ega emasligi ko‘rindi.
Shu bilan birga, Politico AQShning bu harakati nafaqat Maduro rejimiga, balki Kremlga ham aniq siyosiy signal bo‘lganini ta’kidlaydi. Xususan, Vashington Moskvaga uning ta’sir doirasi cheklanganini va global jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish qobiliyati kamayib borayotganini namoyon etgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Venesueladagi voqealar Rossiya tashqi siyosatining zaif nuqtalarini ochib berib, Putin hukumati uchun navbatdagi imidj yo‘qotishga aylandi. Kremlning ko‘pqutbli dunyo haqidagi ritorikasi esa amaliy voqelik bilan mos kelmayotgani yana bir bor ko‘zga tashlandi.