Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukraina tomonining Belarusda joylashtirilgan «Oreshnik» majmuasini NATO uchun qonuniy nishon sifatida tan olish zarurligi haqidagi bayonotlarini «chindan ham ahmoqlik» deb atadi. Bu haqda davlat axborot agentligi BELTA xabar berdi.
Aleksandr Lukashenko ta’kidlashicha, Minsk Vilnyus, Varshava yoki Kiyevga qarshi preventiv zarbalar berishni rejalashtirmayapti, ammo o‘z suverenitetini himoya qilishga tayyor. Prezidentning aytishicha, strategik qurollar qo‘llanishining oldini olish uchun qo‘shni davlatlar harbiy bosimni to‘xtatishi kerak.
💬 «‘Oreshnik’ portlab ketmasligi uchun bizga tegmanglar. Na Ukraina tomonidan, na Polsha, na Litva, na Latviya tomonidan», — dedi Lukashenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, barcha bahsli masalalarni boshqa formatda hal qilish kerak.
Prezident ta’kidlashicha, agar mamlakat hududidagi ob’ektlar hujum nishoniga aylansa, Belarus Qurolli kuchlari befarq qolmaydi. Lukashenko 70 va 200 kilometr masofadagi nishonlarni ura oladigan tizimlar mavjudligini ham eslatdi.
💬 «Agar ular ‘Oreshnik’ni qonuniy nishon deb hisoblashsa — marhamat. Lekin men ularga til bilan jang qilishmaslikni maslahat beraman. Bizda javob berishga vositalar bor», — dedi respublika rahbari.
Shuningdek, Lukashenko tizimning taktik xususiyatlariga ham to‘xtalib, «Oreshnik» mobil qurol ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, marshrutlarda o‘nlab soxta nishonlar chiqariladi, bu esa majmuani neytrallashtirishni juda qiyinlashtiradi.
Bu tizimlarni joylashtirish bo‘yicha kelishuv Rossiya va Belarus o‘rtasida 2024 yil dekabrida erishilgan. 2025 yil 17 dekabrdan boshlab majmua Belarusda rasman jangovar navbatchilikka kirishgan.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy "NATO"ni «Oreshnik»ni qonuniy nishon sifatida ko‘rib chiqishga chaqirib, belarus rahbariyatini xatoga yo‘l qo‘yganlikda ayblagan edi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina Belarus hududidan kelayotgan tahdidni mustaqil ravishda baholaydi.
💬 «Lukashenko katta xato qilmoqda. Hamma ular hozir ko‘proq shou qilayotganini ko‘ryapti», — degan edi Ukraina prezidenti fevraldagi bayonotida.