“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2024 yilda qurilish materiallari sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yil yakunida soha korxonalari tomonidan 40 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi va o‘sishni 112 foizga yetkazilishi kutilmoqda. Sohaning mamlakat jami sanoatidagi ulushi 5,1 foizni tashkil etmoqda.
Jumladan, 44 mln kv m - qurilish oynasi, 90 mln kv m - gipsokarton, 17,8 mln tn - sement, 47 mln kv.m - keramik plitka, 3,36 mln o‘ram gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ishlab chiqarildi.
Soha bo‘yicha yuqori iqtisodiy o‘sish asosan “Aziya Metall Prof” MCHJ, “RWS Optimum” MCHJ, “Karakalpak Sement” MCHJ, “Praym Keramiks” MCHJ, “Namangan Sement” MCHJ kabi yirik sanoat korxonalarida mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish hamda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirilishi hisobiga ta’minlandi. Jumladan, Samarqand viloyatida “Chayna Enerji Interneyshnl Grup Samarkand Sement” MCHJ, Andijon viloyatida “Shangfing Bredj Of Fraynship” MCHJ kabi korxonalarda yangi quvvatlar ishga tushirildi.
O‘tgan yilda sohada jami 2,2 mlrd dollarlik investisiyalar, shundan 1,4 mlrd dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar o‘zlashtirilgan.
Xususan, joriy yilda Xorazm, Toshkent, Andijon, Samarqand viloyatlarida yirik investisiya loyihalari yo‘lga qo‘yildi.
Sohada joriy yil yakuni bilan 815 mln dollar eksport amalga oshiriladi. Eksport qilingan mahsulotlardan 227,3 mln dollarlik metall buyumlar, 68,0 mln dollarlik keramika mahsulotlar, 125 mln dollarlik PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlar, 53 mln dollarlik quruq qurilish qorishmalari kabi mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi. E’tiborlisi, 2024 yilda eksport qilingan qurilish materiallari turlari 55 dan 65 ga oshirishga erishildi. Shuningdek, eksport geografiyasi 51 davlatdan 58 taga yetkazildi.
Davlatlar kesimida tahlil qilinganda eksport qilingan mahsulotlarning 26,6 % - Rossiya Federasiyasi hissasiga; 24,1 % - Qozog‘iston hissasiga, 14,6 % - Tojikistonga, 13,1 % -Qirg‘izistonga, 2,6 % - Turkmanistonga;, 1,6 % - Litvaga 0,9 % - Xitoyga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, Tayland, Belgiya, Isroil, Ispaniya, Fransiya, Xorvatiya, Iroq, Braziliya va boshqa shu kabi davlatlarning bozorlarini o‘zlashtirilishi hisobiga mahsulotlar eksport geografiyasi kengaytirildi. O‘tgan yilning o‘zida qo‘shimcha 10 tadan ortiq yangi mahsulotlar eksport qilindi. Yana bir ma’lumot, joriy yilda Tojikiston davlatida savdo uyi ochilishiga erishildi. Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Afg‘oniston, AQSH, Turkmaniston kabi davlatlarda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda mahalliy tadbirkorlar ishtiroki ta’minlandi. Mahsulotlar namoyish etildi.
Uyushma korxonalari tomonidan 2024 yil yakuni bilan mahalliylashtirish dasturi doirasida jami 2 trln 150 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, belgilangan rejani 107 foizga bajarilishi va 112 foizga o‘sish kutilmoqda.