O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2020 yilning dastlabki 9 oyi hisobi bo‘yicha 29,3 milliard dollarni tashkil qildi, deb xabar beradi Markaziy bank. Yil boshiga nisbatan u 19,7 foizga yoki 4,8 milliard dollarga oshgan.
«Ushbu jarayon COVID-19 virusining tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish uchun hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlanishi mumkin», — deyiladi hisobotda.
Tashqi qarz davlat va xususiy tashqi qarzlaridan tarkib topgan. Ularning birinchisi 18,7 milliard dollarni tashkil etsa, (2,9 milliard dollarga oshgan), ikkinchisi 10,6 milliard dollarga yetgan (1,9 milliardga oshgan).
Shuningdek, o‘rganilayotgan davr mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 454,8 million dollar miqdordagi asosiy qarz va 263,4 million dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.
Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 1,3 milliard dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 242,1 million dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini hanuzgacha neft-gaz va energetika sektori korxonalari hamda banklar amalga oshirmoqda.