Oybek Shaxavdinov O‘zbekistonning Chernogoriyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u 25 noyabr kuni Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi. Prezident qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdan so‘ng o‘tkazilgan muloqotda O‘zbekiston-Chernogoriya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, ularni yangi sifat bosqichiga olib chiqish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
Yakov Milatovich O‘zbekiston xalqini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklab, O‘zbekistonga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi. Chernogoriya rahbari, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning islohotlar va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari muhimligini ta’kidladi.
Chernogoriya ikki tomonlama munosabatlar, xususan, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va madaniy sohalardagi salohiyatni yuqori baholaydi. Prezident sayyohlik va gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Chernogoriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2006 yil 19 dekabr kuni o‘rnatilgan.