O‘zbekistonda polizchilik sohasini rivojlantirish maqsadida olimlar issiqxona sharoitiga mos, yuqori hosildor va kasallikka chidamli qovun navlarini yaratish ustida ish olib borishmoqda. Yangi turdagi mahsulotlar ichki bozorda raqobatbardosh va eksportbop hisoblanadi.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari qovun yetishtirish sohasida keng qamrovli seleksiya ishlarini amalga oshirmoqda. Tadqiqotlar zamonaviy yondashuvlar, innovasion texnologiyalar va chuqur tahlillarga asoslangan, deb xabar beradi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Izlanishlar doirasida 30 dan ortiq mahalliy va xalqaro genetik kolleksiyalar, shuningdek, 10 ga yaqin seleksion liniya va duragaylar o‘rganilmoqda. Olimlar ulardan iqlimga mosligi, hosildorligi va bozorboplik darajasi yuqori bo‘lgan namuna asosida yangi navlar yaratishmoqda.
Issiqxonada qovun yetishtirish nafaqat yerdan samarali foydalanish, balki hosildorlikni ikki baravar oshirish imkonini ham beradi. Bir gektar maydonga 10–12 ming ko‘chat joylashtirish mumkin bo‘lib, bu har gektardan 60 tonnagacha sifatli hosil olish imkonini beradi.
Agar sug‘orish, o‘g‘itlash va kasalliklarga qarshi choralar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, hosil sifati yanada oshadi. Bu jarayon orqali aholini mavsumdan tashqari vaqtlarda ham foydali poliz mahsulotlari bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Erta pishadigan va issiqxonada yetishtirilgan qovunlar ichki bozorda raqobatbardosh hisoblanib, eksport uchun ham katta salohiyatga ega. Bu esa qovunchilikni yuqori daromadli va barqaror tarmoqqa aylantirishi mumkin.