Yaqinda bir guruh o‘zbek faollari Shveysariya hukumatidan Gulnora Karimovaning noqonuniy ravishda qo‘lga kiritilgan aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish jarayonida shaffoflikni talab qilishdi.
Dunyoning turli mamlakatlarida yashovchi 9 faol tomonidan imzolangan murojaat 9 iyul kuni Uzbekforum.org veb-saytida e’lon qilindi.
Murojaat mualliflari 2020 yil 11 sentyabrda ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumining kelajagi taqdiridan xavotir bildirdi.
O‘zbekistonlik faollar ta’kidlashlaricha, Shveysariya hukumati 2017 yilda aktivlarni tiklash bo‘yicha global forumning (GFAR) eng faol ishtirokchilaridan biri bo‘lib, unda mamlakatlar o‘g‘irlangan aktivlarni tiklash va qabul qilishda amal qilishlari kerak bo‘lgan o‘nta prinsipni qabul qildilar.
Asosiy prinsiplarga aktivlarni tiklashda shaffoflik va hisobdorlik kiradi; oluvchi mamlakatning qaytarib olingan aktivlardan korrupsiyaviy xatti-harakatlar ta’sirida bo‘lgan aholisi manfaati uchun foydalanishi majburiyati; musodara qilingan daromadlardan korrupsiyaga qarshi kurash, korrupsiyani qoplash va rivojlanish maqsadlariga oid UNCAC tamoyillariga rioya qilish uchun foydalanish; aktivlarni tiklash jarayoniga fuqarolik jamiyati tashkilotlarini jalb qilish.
Biroq, murojaat mualliflarining fikriga ko‘ra, ikkala tomon ham imzolangan hujjatning bajarilishida shaffoflikni ta’minlashga shoshilmayapti.
11 sentyabr kuni Shveysariya hukumati O‘zbekiston bilan shartnoma imzolaganini, shu shartnomaga binoan 2012 yildan buyon O‘zbekistonning sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimovaning Shveysariya bank hisob raqamlarida saqlanib kelayotgan 131 million dollarni rasmiy Toshkentga qaytarishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Gulnora Karimovaga qarshi davom etayotgan jinoiy ishda qiymati 650 million Shveysariya frankidan (715 million dollar) oshgan aktivlar hanuzgacha muzlatilgani haqida xabar berilgandi. Qayd yetilishicha, agar qaytarib berilsa, ushbu mablag‘lar qaytarib berishning bir xil shartlariga bo‘ysunadi.
Avvalroq, O‘zbekiston rasmiylari Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federasiyasi va boshqa mamlakatlarning vakolatli organlari bilan Gulnora Karimovaning qiymati 1,3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan mol-mulkini olib qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilayotgani haqida xabar bergandi.
O‘tgan may oyida Fransiya Karimovaning 10 million dollarlik aktivlarini O‘zbekistonga qaytarib berdi. Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston davlat byudjetiga o‘tkazilib, umumiy tartibda foydalanilganligi haqida xabar berilgandi.
Fuqarolik jamiyati faollarining Shveysariya rasmiylariga qilgan murojaatlari 49 yoshini Toshkent yaqinidagi ayollar koloniyasida nishonlagan Gulnora Karimovaning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi.
Otasining vorisi deb hisoblangan Gulnora Karimova mamlakat rahbari sifatida Islom Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, davlat mulkini o‘zlashtirish, talon-toroj qilish va offshor kompaniyalarning hujjatlarini yo‘q qilishda ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. O‘zbekistonda Karimovaga qarshi ishlar Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari uni pul yuvish va pora olishda ayblaganidan keyin ochilgan.
Birinchi hukmdan keyin Karimova bir muddat uy qamog‘ida yashagan, ammo 2019 yil mart oyida u qamoqqa olish shartlarini "g‘arazli" tarzda buzganlikda ayblanib, Toshkent viloyatidagi koloniyaga yuborilgan. Karimovaning o‘zi va uning qizi hibsga olish shartlarini buzmaganligini da’vo qilishdi. Ko‘p o‘tmay, unga qarshi ikkinchi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Uchinchi jinoiy ish bo‘yicha Karimova 13 yil to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. U va boshqa bir necha kishi "tovlamachilik, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va jinoiy hamjamiyat tarkibida chet ellarda jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda" ayblangan.