Bu haqda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi xabar tarqatdi.
2023 yil avgust oyida Almati shahrida o‘tkazilgan armrestling bo‘yicha jahon chempionati vaqtida o‘zbekistonlik Abror Rustamovdan olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan Stanozolol metaboliti hamda degidroxlorometil-testosteron taqiqlangan moddalari aniqlangan.
Sportchining analizida taqiqlangan modda borligi bo‘yicha sportchi ogohlantirilgan. Lekin A. Rustamov va uning vakillari tomonidan javob bo‘lmaganligi sababli Jahon armrestling federasiyasi qaroriga ko‘ra, bunday harakatizlik sportchining bu ijobiy doping natijasini qabul qilishi deb tushunilib, unga nisbatan 4 yil muddatga diskvalifikasiya jazo chorasi qo‘llanildi.
Bu vaqt davomida A.Rustamov belgilangan muddat davomida terma jamoa safida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, har qanday turdagi sport musobaqalarida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Milliy antidoping agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bunday holatlarda sportchilar ogohlantirilishiga qaramay terma jamoa safida yig‘inlarga jalb qilinsa yoki ichki chempionatlarda ishtirok etadigan bo‘lsa unga nibatan diskvalifikasiya muddati uzaytirilishi, hattoki umrbod sportdan chetlatish chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Aytish lozim, Stanozolol metaboliti hamda degidroxlorometil-testosteron anidoping qoidalarida mavjud taqiqlangan ro‘yxatning S1 "anabolik agentlar" guruhiga kiradi. Stanozolol metaboliti Butunjahon antidoping agentligi tomonidan 2014 yildan beri sportda taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.