Ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida bir guruh fuqarolar YPX xodimiga qarshilik qilib, janjal ko‘targani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, Lacetti avtomashina haydovchisi qarama-qarshi bo‘lakda harakatlangani uchun YPX xodimi avtomashinani to‘xtatib, haydovchidan tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qilgan. Biroq, haydovchi YPX xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarindosh-urug‘lari bilan birga xodimga qarshilik ko‘rsatgan.
Ushbu holat yuzasidan JKning 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi shaxs prosessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.