Bugun 6 iyun, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritildi

O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga da’vo kiritildi

O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd Markaziy bank va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritdi. Bu haqda "Daryo" xabar bermoqda.

Investitsion nizolarni hal etish xalqaro markazi (ICSID) saytidagi ma’lumotga ko‘ra, bu da’vo 30-may kuni markaz tomonidan ro‘yxatga olingan. Javobgar sifatida Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish departamenti ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston va Singapur hukumatlari o‘rtasida 2003-yil 15-iyulda imzolangan va 2003-yil 23-noyabrdan kuchga kirgan Investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim qoidalarining buzilishi da’vo arizasi berishga asos bo‘lmoqda.

Arbitraj muhokamasiga O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” kompaniyasining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Spot’ning yozishicha, shu sabab, Humans Mobile bu xatti-harakatlar bilan unga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda.

2024 yil sentyabrida Markaziy bank Humans kompaniyasiga tegishli UPay brendiga ega Marodand to‘lov tashkiloti faoliyatini olti oyga cheklab qo‘ydi, bu esa uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktyabr oyi oxirida Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Marodand lisenziyasi vaqtincha to‘xtatilganini aytgandi.

2025 yil 26 mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Marodand to‘lov tashkilotining ayrim operasiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi. May oyida Humans Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasidan “O‘zbektelekom”ga nisbatan monopoliyaga qarshi ish ochishni so‘radi. Kompaniyaning qayd etishicha, davlat operatori qarzdorlik tufayli Humans uchun internet tezligini pasaytirib, xizmatlarga “monopol yuqori narx” belgilagan va kamsituvchi sharoitlar yaratgan.

Humans Group bosh direktori va asoschisi Vladimir Dobrinin arbitraj muhokamasi “investorlar o‘z manfaatlarini insofsiz ma’muriychilikdan himoya qilishning madaniyatli vositasi”, deya qayd etdi. Humans sud muhokamasi “adolatli tartibga solish tamoyillarini mustahkamlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga” xizmat qiladi deb hisoblab, zararni qoplashni talab qilmoqda.

Kiritildi: 15:56 04.06.2025. O'qildi: 1214 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!