Bugun 19 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

O‘zbekistonga migrantlarning pul jo‘natmalari keskin ko‘paydi

O‘zbekistonga migrantlarning pul jo‘natmalari keskin ko‘paydi

Mamlakatga mehnat muhojirlari yuborgan pullar hajmi bir yilda 27 foiz o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

2025 yil yanvar iyun oylarida chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 8,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024 yil mos davridagiga nisbatan 1,8 mlrd dollarga ko‘p (27 foiz).

«Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (6,4 mlrd dollar) kelib tushgan. Qolgan qismi Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan», deyiladi manbada.

Pul o‘tkazmalari ortishiga o‘zbekistonlik migrantlar ishlaydigan davlatlarda ishchi kuchiga talab ko‘paygani va ish haqlari yuqori darajada saqlanib qolgani sabab bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda milliy valyuta kurslari mustahkamlanishi ham ta’sir qilgan.

Markaziy bank tahliliga qaraganda, O‘zbekistonga rivojlangan mamlakatlardan kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sib bormoqda. Masalan, transfertlar hajmi Buyuk Britaniyadan ikki barobar, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga (Irlandiya 2,8 barobar, Litva 79 foiz, Niderlandiya 44 foiz, Polsha 20 foiz) hamda AQShdan 15 foizga oshgan.

Olti oy davomida jismoniy shaxslarga kelib tushgan pullarning 4,3 mlrd dollari (53 foizi) an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlaridan yuborilgan. Bunda o‘sish hajmi 2024 yil mos davriga nisbatan 22 foizni tashkil etgan. Yana 3,6 mlrd dollar (44 foizi) xorijdan bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalar orqali (o‘sish 40 foiz) kelib tushgan. O‘z navbatida 251 mln dollar (3 foizi) bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (kamayish 22 foiz) amalga oshirilgan.

Joriy yil yanvar iyun oylarida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yil darajasida saqlanib qolib, 1,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Kiritildi: 17:30 18.07.2025. O'qildi: 531 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!