Bugun 26 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kerakmi?

A A A
O‘zbekistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kerakmi?

Rossiya Federal majlisi federal kengashi raisi Valentina Matviyenkoning O‘zbekiston yaqin vaqt ichida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (EOII)a’zo bo‘lishi haqidagi bayonoti ko‘pchilikning salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi. Tabiiy va kutilgan munosabat. O‘zi uzoqlashganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Rossiya bilan bog‘liq shu qadar ko‘p negativ xotiralar borki, odamlarimiz bu ittifoqning nimaligini bilmasdan turib, intuisiyalariga ishonib “bu bizga to‘g‘ri kelmaydi” deyaptilar. Va bunga haqlari bor.

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘zi qanday tashkilot, nima uchun tuzilgan, bugungi kundagi mavqei, shu va shu kabi savollarga javob berishga urinib ko‘ramiz.

Vikipediyaga murojaat qilamiz. Uncha olis bo‘lmagan 2000 yil. Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston prezidentlari Ostona shahrida 1995 yilda tashkil etilgan Bojxona Ittifoqining huquqiy vorisi sifatida YEOIHni ta’sis etdilar. 2005 yil 6-7 oktabrda Sankt-Peterburg (Rossiya)da Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti (MOHT)ga a’zo davlatlar boshliqlari kengashi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov taklifi bilan davlatlararo iqtisodiy integrasiyani yanada rivojlantirish maqsadlarida MOHT Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati bilan qo‘shilgani haqida qaror qabul qilindi. Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a’zo mamlakatlar Davlatlararo kengashining Sankt-Peterburg sammitida O‘zbekiston mazkur tashkilotga rasman a’zo bo‘ldi (2006 yil 25 yanvar). 2008 yilda O‘zbekiston tashkilotdagi ishtirokini to‘xtatdi.

2015 yilda hamjamiyat ittifoqqa aylantirildi, integrasiyaning yuqori darajasi desa ham bo‘ladi va unga Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston a’zo hisoblanadi. Moldaviya kuzatuvchi davlat maqomida.

Demak, bu iqtisodiy tashkilot bizga begona emas. Tarixga nazar solsak, sobiq ittifoq davlatlarining aksari Sovet Ittifoqi tugatilgandan so‘ng ham rosmana mustaqil bo‘lmagan. Albatta, biror-bir tashkilot tuzilib, uning doirasida faoliyat yuritilgan. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Bojxona Ittifoqi, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kabilar bilan davlatlarning ichki va tashqi siyosati o‘zaro muvofiqlashtirib turilgan.

Aynan YEOII bilan bog‘liq masalaga qaytadigan bo‘lsak, yuqorida ta’kidlanganidek, bu tashkilot O‘zbekiston uchun begona emas. O‘z vaqtida Markaziy Osiyo hamkorligi tashkiloti (MOHT)dan YEOIIning o‘rnida bo‘lgan tashkilot - YEOIH foydasiga voz kechilgan (fikrimizcha, MOHT bizga kerakroq edi). 2006-2008 yillar oralig‘ida O‘zbekiston YEOIHning a’zosi hisoblangan, bu yillar bizga qanchalik foydali bo‘ldi yoki yo‘q, bunga iqtisodchilar, siyosatchilar baho berishar, lekin so‘nggi 10 yil davomida tashkilot bizsiz rivojlandi va ittifoqqa aylandi, biz ham usiz rivojlandik (yoki rivojlanmadik). 

Bu tashkilotga a’zo bo‘lishning foyda-zararlari haqida OAV mahalliy va xorijiy ekspertlar fikriga asoslanib maqolalar chop etishni boshlaydi. Ungacha tashkilotning o‘ziga xos ikki xususiyatiga to‘xtalib o‘tsak.

1. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi erkin harakat qilish huquqiga ega hamda bu ittifoq iqtisodiy siyosatining asosiy tamoyili hisoblanadi.

2. Ittifoq doirasida a’zo mamlakatlar davlat organlaridan yuqori turuvchi iqtisodiy sohada siyosat yurituvchi tuzilmalarning mavjud bo‘lishi.

Yuqoridagi ikki holat milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda ittifoq siyosatini hisobga olinishini bildiradi. Tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan hamkorlik qilishda, viza rejimi va b.larda tashkilotning tegishli tuzilmalari bilan kelishiga to‘g‘ri keladi. Standartlar, bojxona qoidalari ham yagona bo‘ladi.

Tarixga nazar solsangiz ittifoqlar, yo kuchli davlatlar uchun, yoki yangi tashkil topgan, ko‘pchilik tan olmagan mamlakatlar uchun foydali bo‘lgan. Sovet Ittifoqining Rossiya uchun, Yevropa Ittifoqining Germaniya, Fransiya uchun (bekorga Buyuk Britaniya bu tashkilotdan chiqib ketmayapti) kerakligini ko‘pchiligimiz bilamiz. Armaniston kabi qo‘shnilari bilan muammolari bo‘lgan davlatlar yoki Abxaziya, Kosovo kabi tan olinmagan davlatlarga ham turli ittifoqlarga integrasiya bo‘lish foydali hisoblanadi. Gruziya va Ukraina ham ma’lum bir sabablarga ko‘ra Yevropa Ittifoqi tomon intilmoqda. To‘g‘ri, ayrim hollarda hayot darajasini oshirish, yangi bozorlarni kashf etish uchun ham kimlar bilandir birlashishga to‘g‘ri keladi. Turkiyaning Yevroittifoq a’zoligini muhim sanashini shu bilan izohlash mumkin.

Matviyenko. Nega aynan rossiyalik siyosatchi O‘zbekistonning YEOIIga a’zo bo‘lishi haqida birinchi bo‘lib gapirmoqda? Rossiya OAVning xabar berishicha bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi raisi bilan muloqot jarayonida ma’lum qilgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima:
“O‘zbekiston prezidenti bir qarorga kelgan va O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy kengashiga qo‘shilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda», – dedi Matviyenko Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuv chog‘ida”.

Qonunchilik palatasining saytini ko‘ramiz, u yerda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Rossiya Federasiyasi Majlisi Federal Kengashi Raisi bilan uchrashgani haqida xabar qoldirilgan, lekin yuqoridagi bayonot keltirilmagan, yoki bunday gap bo‘lmagan (bunga ishonish qiyinroq), yoki parliament.gov.uz bu haqda biz bilan o‘rtoqlashgisi kelmayapti.

Kattalar bir narsani bilmasa qilmaydi, degan gap bor. Yuqori davralarda balki uzoqni ko‘zlangan rejalar bordir, hozircha bilganimiz shu, ya’ni Matviyenkoning bayonoti va unga ijtimoiy tarmoqlardagi munosabat.

Yaqin vaqt ichida bayonotga O‘zbekiston tarafidan oydinlik kiritilsa kerak.

Har bir ishda ob’ektivlik, xolislikni ta’minlash darkor, Yevroosiyo ittifoqiga a’zo bo‘lishimizni istayotgan fuqarolarimiz ham bo‘lishi mumkin, ular bizni fuqarolar, ular ham o‘z fikrlarini aytishga haqli. Shunday ekan, bu masalani ommaviy muhokamalarga olib chiqish, agar a’zolik foydamizga bo‘lsa buni tushuntirib berish. Aksincha, asosli fikrlar aytilmasa bu fikrdan qaytish va xalqning fikrini referendum o‘tkazish kabi demokratik yo‘l orqali aniqlab qaror qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz.

G‘ayratxo‘ja Saydaliyev

Manba: azon.uz

Kiritildi: 16:32 03.10.2019. O'qildi: 6909 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!