Bugun 28 oktyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazi — Shavkat Mirziyoyevning islom g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashi ifodasidir — Yusuf Solih al Gahra

O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazi — Shavkat Mirziyoyevning islom g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashi ifodasidir — Yusuf Solih al Gahra

2024 yilning 8 avgust kuni Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf Solih al Gahra janoblari O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurdi. Elchi boshchiligidagi delegatsiya markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bilan uchrashuvda bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik, diniy-ma’rifiy sohalar bilan bog‘liq ko‘p qirrali hamkorlik istiqbollarini muhokama etar ekan, ayni borada yurtimizda bevosita davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan sa’iy harakatlarni yuqori baholadi. Elchi butun dunyoda globallashuv jarayonlari borayotgan va ziddiyatlarga to‘la bir paytda ma’rifatli islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish, ajdodlar merosini o‘rganish hamda tadqiq qilish tashabbusini Saudiya Arabistoni tomoni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uchrashuvda Yusuf Solih al Gahra janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirar ekan, shunday dedi:

- O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazi - davlatingiz rahbari, muhtaram Shavkat Mirziyoyevning ma’rifatli islom va uning g‘oyalarini qo‘llab quvvatlash yo‘lidagi sa’y harakatlarining amaliy ifodasidir. Bu bizni juda mamnun etadi va har qanday hamkorlik bizga faxr, iftixor bag‘ishlaydi. Ayniqsa, biz mazkur markazga qadimiy qo‘lyozmalar va manbalar, kutubxonachilar hamda arab tili mutaxassislari bo‘yicha ko‘mak berishga tayyormiz. Islom sivilizasiyasi markazi bu juda noyob loyiha. Uning kelgusida ilm va ma’rifat sohasida mayoqqa aylanishi shubhasizdir. Markaz binosining qurilishidan tortib, uning ekspozisiyasidan o‘rin oladigan eksponatlarni joylashtirishgacha, ilmiy tadqiqotlar olib borish va uni namoyish etishgacha bo‘lgan jarayonlar vaqt va mablag‘ talab etadigan murakkabliklarga boy bo‘lgan bir jarayon ekanini to‘g‘ri tushunamiz. Bu borada Saudiya Arabistoniga suyanishingiz mumkin va bu bizning shu yo‘nalishdagi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqadi.

Shuningdek, mehmonlar markazda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Aytish joizki, markaz – ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Davlatimiz rahbari o‘tgan yillarda bu yerga bir necha bor kelib, uni chiroyli va sifatli qilib qurish, dunyo olimlari fikrini o‘rganib, mazmunini boyitish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Mehmonlarga markaz qurilishi va uning ekspozisiyasini yangi mazmun bilan boyitish bilan bog‘liq ishlar bevosita davlat rahbarining doimiy diqqat e’tiborida ekani, 500 nafar olimlar yaqinda o‘tgan forumda davlat rahbariga murojjatnoma qabul qilgani hamda unda ilmiy-ma’rifiy maskanni Yangi O‘zbekistonning eng yirik aql markaziga aylantirish bo‘yicha bor kuch va g‘ayratini ishga solishga so‘z bergani bilan bog‘liq ma’lumotlarni berishdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda markaz faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. Ayniqsa, markaz muzeyi ekspozisiyasini boyitish bilan bog‘liq muzeylar faoliyatini o‘rganish, ilmiy doira vakillari o‘rtasidagi muloqot maydonini kengaytirish shular jumlasidandir.

Kiritildi: 11:23 09.07.2024. O'qildi: 1503 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!