O‘zbekiston Interpol milliy markaziy byurosi xalqaro qidiruvdagi shaxsni ekstradisiya qildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan shaxs Perudan O‘zbekistonga olib kelingan. U Turkiya fuqarosi bo‘lgan hamda O‘zbekistonda o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikni sodir etgani uchun qidiruvga berilgan.
Qidiruvdagi shaxs Interpolning O‘zbekiston hamda Peru Milliy markaziy byurolarining muvofiqlashtirilgan harakatlari, shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Xalqaro-huquqiy departamenti va Peru Adliya vazirligining faol ko‘magida qo‘lga olingan. Ekstradisiya Toshkent va Lima Milliy markaziy byurolari xodimlarining hamkorlikdagi tezkor-qidiruv tadbirlari hamda ekstradisiya jarayonida tranzit o‘tgan Fransiya va BAA vakolatli organlarining xalqaro huquq doirasida ko‘rsatgan yordami tufayli amalga oshirilgan.
Ekstradisiya qilingan shaxs keyingi prosessual harakatlarni o‘tkazish hamda O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun Interpol milliy markaziy byurosi va Bosh prokuratura xodimlari hamrohligida O‘zbekistonga olib kelingan.