Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Xalqaro mehnat tashkilotining Haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi 132-sonli konvensiyasi (1970 yilda qayta ko‘rib chiqilgan) ratifikasiya qilindi.
Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 27 avgustda qabul qilinib, Senat 24 oktyabrda ma’qullagandi.
Hujjat haq to‘lanadigan yillik asosiy eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi 21 kalendar kundan iborat ekani hamda qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lgan barcha xodimlar uchun qo‘llanishi bo‘yicha bayonot bilan ratifikasiya qilindi.
Konvensiyaning asosiy maqsadi — xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi), o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan hamda xodim ishdan ozod etilgan holda har ish yili davomida beriladigan ta’tillarni ta’minlashdan iborat.
Bugungi kunga qadar konvensiya 75 ta davlat, shu jumladan, MDHga a’zo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ratifikasiya qilingan.
Konvensiyada mehnat faoliyati jarayonida va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Senat majlisida konvensiyaning ratifikasiya qilinishi kelgusida sohadagi milliy qonunchilikni hamda Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qilishi ta’kidlangandi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining ma’lum qilishicha, Xalqaro mehnat tashkilotining ratifikasiya qilingan konvensiyalari soni 25 taga yetdi.