Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, sinov tariqasida, O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan, mobil va (yoki) simli telekommunikasiya tarmoqlariga ega, ammo xalqaro Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqiga ega bo‘lmagan operatorlarga 2030 yil 1 yanvargacha o‘z tijorat ehtiyojlari uchun xalqaro Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishga ruxsat berildi.
Sinovda ishtirok etishni istagan telekommunikasiya operatori quyidagi shartlarga rioya qilishi lozim:
🔹 Ushbu qaror ilovasida keltirilgan Internet tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish bo‘yicha vaqtinchalik talab va shartlarga amal qilishi;
🔹 "O‘zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi" davlat unitar korxonasi (ishchi organ) bilan quyidagilarni o‘z ichiga olgan yozma kelishuvga erishishi shart:
talab va shartlarning bajarilishi;
amalga oshiriladigan monitoring;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
shartnoma shartlarini buzganlik uchun belgilangan choralar.