O‘zbekistonda 2027 yildan suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasini respublika bo‘ylab xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi investorlar bilan muloqotda ma’lum qildi.
Hozir mamlakatda 3 mln 800 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan ushbu ta’minot tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari joriy etilmoqda.
Xususan, tadbirkorlar ishtirokidagi dastlabki tajriba loyihasi Andijon viloyatida boshlangan. Kelgusi yilda bu amaliyotni butun respublika bo‘ylab kengaytirish maqsad qilingan.
Prezident mazkur jarayonda gaz ta’minoti uzluksizligi, xavfsizlik va aholiga xizmat ko‘rsatish sifati eng muhim mezon bo‘lishini ta’kidladi.