Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov boshchiligidagi delegasiya Italiya Respublikasining Triyeste shahri joylashgan "Elettra –Sincrotrone Trieste S.C.p.A." tashkiloti faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida tashkilot Prezidenti va bosh ijrochi direktori Alfonso Franchiozi bilan O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotlarda foydalanish uchun Sinxrotron laboratoriyalarini tashkil etish hamda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Sinxrotron — bu zaryadlangan zarralar, masalan, elektronlar yoki protonlarni yuqori tezlik va energiyaga erishish uchun maxsus trayektoriya bo‘ylab tezlatishga mo‘ljallangan yuqori texnologiyali qurilma. Sinxrotronlarda zarralar magnitlar yordamida saqlab turiladigan aylanma trayektoriya bo‘ylab harakatlanadi va har bir aylanishda ular radiochastotali maydonlar yordamida tezlatiladi. Sinxrotron laboratoriyalari dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlarda mavjud bo‘lib, ular turli xil ilmiy tadqiqotlar uchun foydalaniladi.
Muzokaralar natijasida yurtimizda sinxrotron ilmiy laboratoriyalarini tashkil etish hamda maxsus laboratoriya qurilmalarini O‘zbekistonga taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu laboratoriyada faoliyat olib boruvchi mutaxassislarni tayyorlash hamda ushbu laboratoriyalarda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlaridan grantlar jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.