Bugun 27 iyun, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekistonda pensiya yoshi oshiriladi(mi)?

O‘zbekistonda pensiya yoshi oshiriladi(mi)?

Ijtimoiy tarmoqlarda pensiya yoshini oshirilishi bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga asoslanib, O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Ushbu ma’lumotlar keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘layotganini inobatga olib, Pensiya jamg‘armasi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Pensiya islohotlarining maqsadi va jarayoni

Hozirda O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida turibdi.

Vazirlar Mahkamasining Qarori (VMQ-600-son) asosida amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhga Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasiga takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida ham mahalliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda ushbu Konsepsiya loyihasi bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024 yil dekabr oyida XVJ, Jahon banki, OTB, XMT ishtirokida Toshkent shahrida xalqaro seminar tashkil etilib, unda pensiya islohotlarining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Joriy yilning 1 mayida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ishlab chiqilgan takliflar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, pensiya tizimini aktuar baholash imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

12 may kuni Xalqaro maslahatchilar kengashi bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda Kengash tomonidan pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi uchun taqdim etilgan tavsiyalar muhokama qilindi.

Shuningdek, 10-11 iyun kunlari Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar uyushmasi eksperti ishtirokida pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha tayyorlangan takliflar batafsil tahlil qilindi.

Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi bo‘yicha takliflarda quyidagi asosiy vazifalarga e’tibor qaratilmoqda:

- fuqarolarning pensiya bilan qamrovini oshirish;

- ijtimoiy adolatni mustahkamlash;

- keksalikda munosib pensiya bilan ta’minlash;

- umr ko‘rish davomiyligini hisobga olish;

- Pensiya jamg‘armasi byudjetini balanslashtirish;

- aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash.

Xalqaro ekspertlarning tavsiyalari nimalardan iborat?

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan hujjatlar – bu xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston hukumati uchun tayyorlangan tavsiya va maslahatlar to‘plamidir. Bu tavsiyalar yakuniy qaror emas, balki islohot yo‘nalishlarini belgilashda o‘rganilayotgan variantlardan biridir.

1. XVJ, Jahon banki, OTB, XMTning umumiy tavsiyalari pensiya yoshini oshirish, ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar va muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish, amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi o‘rniga butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblashga o‘tish, ijtimoiy badallar stavkalarini qayta ko‘rib chiqish masalalariga bag‘ishlangan.

2. Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistondagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olib, pensiya yoshini oshirish, fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimida ishtirokini ta’minlash, norasmiy bandlikni kamaytirish orqali pensiya tizimi qamrovini oshirish, bunda mehnat migrantlarini pensiya tizimiga jalb qilish uchun ular ishlayotgan mamlakatlar bilan ikki tomonlama ijtimoiy ta’minot shartnomalarini tuzish, pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasini oshirish, nodavlat pensiya jamg‘armalari joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

3. Xalqaro pensiya va ijtimoiy jamg‘armalar uyushmasi eksperti tomonidan ko‘p darajali pensiya tizimini joriy qilish, moslashuvchan pensiya yoshini kiritish, minimal pensiya talabini qayta ko‘rib chiqish, ijtimoiy soliqlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarni bekor qilish yoki davlat byudjetidan subsidiya ajratish, fuqarolarni pensiya tizimida ishtirokini ta’minlashga qaratilgan tavsiyalar berilgan.

Hozirda ushbu tavsiyalarning barchasi Ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. Ularning O‘zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga ta’siri tahlil qilinmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar ham, albatta, keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng, xalqning fikri va manfaatlari inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Kiritildi: 11:28 26.06.2025. O'qildi: 1084 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!