Bugun 24 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda oila a’zolarini yashash joyida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtiriladi

O‘zbekistonda oila a’zolarini yashash joyida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtiriladi

Qonunchilik palatasi fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Qonun loyihasi aholini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini yanada soddalashtirish va fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlashga qaratilgan.

Hujjatda bir qator muhim yangiliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, oila a’zolari va yaqin qarindoshlari turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinmoqda.

Ya’ni, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, aka-uka va opa-singillar xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lgan taqdirda ham bir manzilda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, talabalar turar joylarida yashayotgan talabalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi belgilanmoqda. Bu talabalarni yotoqxonalarda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasida ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy-joy sotib olgan fuqarolarni o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Unga ko‘ra, uy-joyga taqiq yoki xatlov qo‘yilgan bo‘lsa ham, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini mazkur manzilda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bank, sud yoki Majburiy ijro byurosining roziligini olish talab etilmaydi.

Shu bilan birga, kreditorlar va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi instituti joriy etilishi taklif qilinmoqda. Bu mexanizm orqali ayrim holatlarda vakolatli organning murojaatiga asosan shaxsning ro‘yxatdan o‘tkazilgani bekor qilinishi mumkin.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Kiritildi: 16:02 11.08.2026. O'qildi: 1795 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!