Taniqli estrada yulduzlaridan bir guruhi Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan musiqa va san’at maktablariga direktor lavozimiga tayinlandi. Bular orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ilhom Farmonov va Dilnoza Ismiyaminovani ko‘rish mumkin.
“Qalampir.uz” manbasi yetkazgan xabarga ko‘ra, Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilnoza Ismiyaminova joriy yilning 1 iyunidan e’tiboran jamoatchilik asosida Mirobod tumanidagi 22-son Bolalar musiqa va san’at maktabi direktori lavozimini egallagan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilhom Farmonov ham 1 iyundan e’tiboran Sergeli tumanidagi 21-son Bolalar musiqa va san’at maktabi direktorligiga tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkorlar ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida O‘zbekiston xalq artistlariga musiqa maktablari va kollejlarga direktor bo‘lishni taklif qilgan edi.
“Mana, davramizda G‘ulomjon Yoqubov, Farrux Zokirov, Ortiq Otajonov, Yulduz Usmonova, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Ozodbek Nazarbekov, G‘afur va G‘ulom Eshjonovlar, Gulsanam Mamazoitova kabi Xalq artistlari o‘tiribdi. Sizlarning har biringiz bittadan san’at kolleji yoki musiqa maktabiga borib rahbarlik qilsangiz, men o‘ylaymanki, bundan san’atimiz faqat yutgan bo‘lar edi. Ayni vaqtda yuzlab shogirdlar yetishtirib, o‘zingizga haykal qo‘ygan bo‘lardingiz”, degan edi davlat rahbari.
O‘tgan vaqt oralig‘ida nomlari qayd etilganlar direktorlik lavozimini egallagani yo‘q. Aksincha, bu mas’uliyatli ish O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilhom Farmonov va Dilnoza Ismiyaminovaga topshirildi.