Bugun 15 iyul, 2025 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonda guar o‘simligi yetishtirilmoqda

A A A
O‘zbekistonda guar o‘simligi yetishtirilmoqda

Qishloq xo‘jaligi milliy iqtisodiyotimizning hayotiy muhim tarmoqlaridan biri. Tizimda istiqbolli, noan’anaviy qishloq xo‘jalik ekinlarini introduksiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston va Rossiya davlat Qishloq xo‘jalik vazirliklari hamda mazkur yo‘nalishdagi tashkilotlar sa’y-harakati tufayli yaqindan boshlab mamlakatimizda guar o‘simligini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot institutining Moyli va tolali ekinlar ilmiy-tajriba stansiyasining tajriba dalasida yetishtirilayotgan mazkur o‘simlik muhim xususiyatlari bilan noyob sanaladi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2024 yilda respublikamiz uchun yangi bo‘lgan guar o‘simligi ilk bor introduksiya qilinib, tajriba-sinov ishlari boshlab yuborildi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi tizimidagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Zafarjon Ziyayev. – Noyob xususiyatli guar dukkakdoshlar oilasiga mansub va bir yillik o‘simlik. Pishib yetilmagan dukkaklari sabzavot sifatida, pishgan doni oziq-ovqat, konditer sanoatida keng foydalaniladi. Shuningdek, poyasi va doni chorva, parranda uchun to‘yimli ozuqa hisoblanadi. Tuproq unumdorligini oshirishda esa siderat sifatida qo‘llaniladi.

Qolaversa, guar o‘zining foydalanish ko‘lami bo‘yicha neft-gaz va geologiya tarmoqlarida juda manfaatli hisoblanadi. Eksportiga bo‘lgan talab ham juda yuqori.

O‘simlik qurg‘oqchilikka chidamli va asosan Shimoli-g‘arbiy Hindiston, Pokiston, Sudan va AQShning janubiy qismi kabi subtropik mintaqalarda yetishtiriladi. Keyingi yillarda Rossiya Federasiyasining janubiy hududlarida ham maydoni tez sur’atda kengaymoqda.

Guar asosan sanoat ekini sifatida yetishtiriladi, lekin poyasining tarkibida protein miqdori yuqori bo‘lganligi sababli u qoramollar uchun yem-xashak sifatida ham ishlatiladi. Xususan, o‘tgan yili guar saqichiga jahonda talab keskin oshdi. Guar narxi, asosan neft konidagi slanets gaziga bo‘lgan talabning ortishi tufayli taxminan 230 foiz va undan ham ko‘proqqa ortdi.

Natijada eng yirik guar ishlab chiqaruvchi mamlakat bo‘lgan Hindistonda eksport 75 foizga o‘sdi. Guar gumi (GG) esa oziq-ovqat, kosmetika, farmasevtika, to‘qimachilikda zarur xomashyo sifatida katta ahamiyat kasb etadi.

Guardan bug‘doy unining o‘rnini bosuvchi un tayyorlash mumkin. Chunki guar unida glyuten yo‘qligi ahamiyatli hisoblanadi. Shuningdek, yogurt, mayonez, smetana, sut, qatiq, pishloq, sous, ketchup, tez tayyorlanadigan ovqat, muzlatilgan desertlar olishda keng qo‘llaniladi.

Go‘sht va go‘sht mahsulotlarida qo‘shimcha to‘ldiruvchi ozuqa va yog‘ o‘rnini bosuvchi modda sifatida ham mazkur o‘simlik muhim hisoblanadi. Uning smolasi organizmda juda sekin o‘zlashtirilganligi uchun insonning to‘yimlilik hissini uzoq vaqt ushlab turadi.

Hindistonda qadimdan diabet, astma, shamollash kasalliklarini davolashda guardan keng foydalanib kelinadi. Guar o‘simligini qurg‘oqchil, suv bilan kam ta’minlangan va degrodasiyaga uchragan maydonlarda ham yetishtirish mumkin. Unga jahon bozorida talab tobora ortib borayotir. Shu kabi xususiyatlarini o‘rgangan holda guar o‘simligini O‘zbekistonda ham yetishtirish yo‘lga qo‘yldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi tomonidan guar o‘simligini mamlakatimizda yetishtirishni o‘rganish uchun Hindistondan guar urug‘lari introduksiya qilindi va turli tuproq-iqlim sharoitlarida tajriba-sinov ishlari boshlandi.

Hozir guar o‘simligini parvarishlash va yetishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha xorijiy uslublar o‘rganilib, mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

Kiritildi: 09:29 31.07.2024. O'qildi: 1851 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!