Bugun 9 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda feyk akkauntlar bozori: tadqiqotlar nimani ko‘rsatmoqda?

O‘zbekistonda feyk akkauntlar bozori: tadqiqotlar nimani ko‘rsatmoqda?

Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti tomonidan ishlab chiqilgan Cambridge Online Trust and Safety Index (COTSI) global loyihasi doirasida onlayn platformalarda soxta akkauntlar yaratish bozori ilk bor tizimli ravishda tahlil qilindi.

Ushbu indeks 500 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlar va onlayn xizmatlarda (TikTok, Amazon, Spotify va boshqalar) feyk akkauntlar uchun zarur bo‘lgan SMS-verifikasiya xizmatlarining narxi va mavjudligini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston telefon raqamlari orqali SMS-verifikasiya xizmatlari nisbatan arzon bo‘lib, 100 AQSh dollari evaziga 100 mingdan ortiq akkauntni tasdiqlash mumkin.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonga tegishli raqamlar orqali 2,4 milliondan ortiq SMS-verifikasiya “qora bozor”da tayyor holatda mavjud. Bu esa katta hajmda soxta akkauntlar yaratish imkoniyati borligini ko‘rsatadi

Tadqiqotda ta’kidlanishicha, bunday xizmatlar “onlayn manipulyasiya iqtisodiyoti”ning asosiy qismini tashkil qiladi. Ushbu bozor orqali soxta profillar yaratish, sun’iy ommaviylik (layk, obunachi) shakllantirish, muvofiqlashtirilgan axborot ta’siri kampaniyalarini o‘tkazish mumkin.

Mutaxassislar fikricha, har bir feyk akkaunt yaratilishi telefon raqami va SIM-kartaga bog‘liq bo‘lib, aynan shu nuqta butun tizimdagi asosiy “bo‘g‘in” hisoblanadi.

Tadqiqotda global miqyosda bunday xizmatlar ochiq sotilayotgani, hamda turli mamlakatlarda narxlar SIM-kartalar qiymati va tartibga solish darajasiga qarab farq qilishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, keltirilgan raqamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri barcha feyk akkauntlar amalda ishlaydi, degani emas. Ushbu ko‘rsatkichlar, avvalo, bozordagi taklif va imkoniyat hajmini anglatadi: ya’ni qancha miqdorda SMS-verifikasiya xizmatlari mavjud ekani. Amaliyotda esa bunday akkauntlarning bir qismi bloklanishi, ishlamasligi yoki qisqa muddatli bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadqiqot bu yo‘nalishdagi infratuzilma va xizmatlar real va keng tarqalganini, shuningdek, ular orqali onlayn muhitga ta’sir o‘tkazish imkoniyati mavjudligini yaqqol ko‘rsatadi.

Kiritildi: Bugun 08:31. O'qildi: 284 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!