Eron hukumati agar Isroil armiyasi Livandagi nishonlarga hujum qilishda davom etsa, Qo‘shma Shtatlar va Isroil bilan ikki haftalik sulhga sodiq qolish majburiyatini bajarishdan bosh tortadi.
Bu haqda Eronning Tasnim axborot agentligi xabardor manbaga asoslanib ma’lumot berdi.
Agentlik manbasining aytishicha, AQSh barcha jabhalarda, jumladan, Livanda ham sulh tuzishga rozi bo‘lgan. Biroq, Tasnim manbasining ta’kidlashicha, Isroil «bugun ertalab sulhni ochiqchasiga buzib, Livanga shafqatsiz hujumlar uyushtirdi».
Avvalroq AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi e’lon qilinganidan so‘ng ham Fors ko‘rfazi davlatlarida hujumlar haqida xabarlar tarqaldi. Eron buni Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujumga javob deya baholadi.