Eron Isroilning Livan hududiga qilgan hujumlaridan so‘ng strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini to‘xtatdi. Bu haqda Fars axborot agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mazkur qaror mintaqada harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashgan bir paytda qabul qilingan. Hozircha rasmiy Tehron bu borada to‘liq bayonot bergani yo‘q, ammo kuzatuvchilar bu qadamni bosim vositasi sifatida baholamoqda.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon neft ta’minoti uchun eng muhim yo‘laklardan biri hisoblanadi. U orqali kuniga millionlab barrel neft tashiladi. Shu bois, uning yopilishi nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo bozorlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu qaror global energetika bozorida narxlarning keskin oshishiga, dengiz logistikasida uzilishlarga va xalqaro savdoda qo‘shimcha xavflarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Ayni paytda, mintaqadagi vaziyat Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyat yanada chuqurlashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Livandagi so‘nggi hujumlar esa mojaroning kengayish xavfini oshirgan.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan vaziyatni deeskalasiya qilishga chaqiriqlar yangrayotgan bo‘lsa-da, hozircha keskinlik pasayish alomatlari kuzatilmayapti.