Bugun 25 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonda daraxtlarni kesish va qasddan quritganlik uchun jarimalar oshirilmoqda

O‘zbekistonda daraxtlarni kesish va qasddan quritganlik uchun jarimalar oshirilmoqda

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Bugungi kunda noqonuniy ov qilish, brakonerlik tufayli hayvonot va nabotot turlari soni tobora kamayib bormoqda. Amaldagi qonunchiligimizda jazo choralarining yengilligi esa brakonerlarga juda qo‘l kelmoqda.

Taklif etilayotgan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Og‘irlashtiruvchi holatlarda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital ta’mirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 60 baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.

Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanmoqda.

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar normalari o‘zaro muvofiqlashtirilib, ushbu qonunlardagi ov quroli, shu jumladan baliq ovlash quroli bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda.

Qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olish orqali biologik resurslarni muhofaza qilishga, daraxt va butalar nobud qilinishining oldini olishga, davlat ekologik nazorati instituti samaradorligini oshirishga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslarni kafolatlangan himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Kiritildi: Bugun 09:45. O'qildi: 344 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!