2025 yilning o‘tgan 5 oyi davomida 14 ta holatda ovqatdan zaharlanishlar ro‘yxatga olinib, unda 42 nafar fuqaro jabrlangan. Bu haqda AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan ovqatdan zaharlanish holatlarining o‘nta holatda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida botulizm kasalligi qayd etilgan. Ulardan 8 nafarini bolalar tashkil etadi.
Uchta holatda ovqat toksikinfeksiyasi qayd etilib, 13 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 8 nafarini bolalar tashkil etadi. Kimyoviy zaharlanish bitta holatda qayd etilgan.
O‘zbekistonda esa 2024 yilda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari tomonidan jami 20 184 ta umumiy ovqatlanish korxonalarining 1 512 tasida (7,49 foiz) tekshiruvlar olib borilgan.
Natijada ularning 664 tasida (3,29 foizi) sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablari buzilganligi aniqlangan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili 600 millionga yaqin kishi zaharli yoki sifatsiz ovqat iste’moli oqibatida kasallanadi.