O‘zbekiston va Qozog‘iston 2030 yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard AQSh dollariga yetkazmoqchi. Bu haqda shanba kuni O‘zbekiston Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shanba kuni O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qozog‘iston Respublikasi Savdo va integrasiya vaziri Arman Shaqqaliyev bilan muzokaralar o‘tkazgani xabar qilingandi.
Qayd etilishicha, tomonlar amaldagi ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishning borishi va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilgan.
"O‘zaro tovar ayirboshlash izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. 2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4,3 milliard dollarga yetdi, ayni paytda oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik, rangli metallar, kimyo mahsulotlari va plastmassa buyumlari eksporti o‘sdi. Tomonlar mahsulot hajmini oshirish, to‘siqlarni bartaraf etish va mahsulotlarni yetkazib berish shartlarini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar", — deyiladi bayonotda.
“Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar 2030 yilgacha mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Dasturni imzoladilar hamda 2025 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston viloyatlari rahbarlarining o‘zaro tashriflari jadvalini tasdiqladilar”, — deyiladi xabarda.