Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegasiyasi 11−12 may kunlari rasmiy tashrif bilan Eronda bo‘ldi, deb xabar qildi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
11 may kuni Tehronda O‘zbekiston va Eron hukumatlari delegasiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unga Eron birinchi vise-prezidenti Muhammad Rizo Orif rahbarlik qildi.
Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, transport-logistika sohasidagi ko‘p yillik muammolarni zudlik bilan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini qayd etdi.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari sanoat kooperasiyasini rivojlantirish, mamlakatlar hududlari aro aloqalarni faollashtirish, ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovasiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagilar imzolandi:
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Eron birinchi vise-prezidenti Muhammad Rizo Orif O‘zbekiston-Eron biznes forumining ochilishida ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 500 mln dollarga yetgani, qo‘shma korxonalar soni 210 tadan oshgani qayd etildi.
Forumda hamkorlik salohiyati tahlil qilinib, yangi o‘sish nuqtalari belgilandi. 1 mlrd dollarlik loyihalar va savdo shartnomalari portfeli shakllantirildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘z nutqida qatnashchilar e’tiborini mamlakatda biznes muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralariga qaratdi. Hukumat rahbari eronlik ishbilarmonlarni Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlaridan keng foydalanishga taklif etdi.