O‘zbekiston terma jamoasi hamda “Rizespor” himoyachisi Husniddin Aliqulov qishki transfer oynasi vaqtida Turkiyaning boshqa klubiga o‘tishi mumkin. “Haber61” nashri xabariga ko‘ra, futbolchiga mamlakatning nomdor klublaridan bir — “Trabzonspor” jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Manbada yozilishicha, Trabzon klubi chempionlik uchun kurashni davom ettirish uchun qishki transfer oynasi vaqtida tarkibni sezilarli darajada kuchaytirishni maqsad qilgan. Nomzodlar orasida o‘zbekistonlik futbolchi bor ekanligi aytilmoqda. Ayni paytda tomonlar o‘rtasida muzokara olib borilmoqda. Transfer esa katta ehtimol bilan yanvar oyida amalga oshadi.
Chempionatning ortda qolgan 17 turida 10 g‘alaba, 5 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etgan “qizil-ko‘klar” 33 ochko bilan turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Qora dengiz jamoasi jadvalda birinchi o‘rinni egallab turgan “Galatasaroy”dan 7 ochkoga ortda qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Husniddin Aliqulov joriy mavsum “Rizespor” safida jami 9 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi 2026-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali himoyachining qiymatini 1,5 million yevroga baholamoqda.