Z-blogerlar harbiy qo‘mondonlikni “yuqoriga” yolg‘on axborot uzatganlikda ayblamoqda
Ukraina Qurolli kuchlari Xarkov viloyatidagi Kupyansk shahri ustidan nazoratni qayta tikladi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq “Ribar” Telegram-kanal 24 dekabr kuni xabar qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Kupyanskda Rossiya qo‘shinlari uchun vaziyat “juda ham yomon”.
Telegram-kanal, shuningdek, harbiy qo‘mondonlik “yuqoriga” uzatayotgan yolg‘on axborot frontdagi vaziyatga zarar yetkazayotganini urg‘ulaydi: "Yuqoriga vaziyat haqida noto‘g‘ri dokladlar berilishi oqibatida, Kupyanskni olish va tozalash uchun “kerak bo‘lmagan” zaxiralar boshqa uchastkalarga ko‘chirib yuborildi".
“Ribar” bayonotlarini boshqa yirik Z-bloglar ham qo‘llab-quvvatladi. “Dva mayora” kanali Kupyansk olingani haqidagi xabarlarni “axborot-psixologik operasiya” deb atadi, unda “biz o‘zimiz o‘zimizni mag‘lub qildik” deyiladi. “Voyenniy obozrevatel” esa Rossiya harbiylari Kupyansk hududining deyarli barchasi ustidan nazoratni yo‘qotganini bildirdi.
Dekabr boshida, AQSh delegasiyasining Moskvadagi tinchlik muzokaralari arafasida, Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Vladimir Putinga Volchansk egallangani va Kupyansk “olingani” haqida hisobot bergan edi.
Bundan tashqari, Putin Zelenskiyning Kupyanskdagi stela fonida tushgan fotosurati haqida fikr bildirib, stela hozir “butunlay boshqacha ko‘rinishda”, bundan tashqari u shahardan bir kilometr uzoqlikda joylashganini aytgandi, shuningdek, Zelenskiyni “yaxshi aktyor” deb atagandi.