Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklarining maxsus ko‘krak nishonlari topshirildi.
Markaziy harbiy okrugining "Forish" tog‘ poligonida O‘zbekiston-Qozog‘iston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi "Hanjar-2024" maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi. Bu haqda Mudofaa Matbuot xizmati xabar berdi.
Mudofaa vazirligining mas’ul ofiserlari, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, Qozog‘iston harbiy delegasiyasi rahbariyati kuzatuvi ostida o‘tgan yakuniy bosqich mashg‘ulot qatnashchilari oldidagi mas’uliyatni yanada oshirdi.
Dastlab shartli dushman joylashgan binolarga minomyotchilar, merganlar, pulemyotchilar guruhlari va dronlarning hujumi tashkillashtirilgan bo‘lsa, uning ortidan ishga tushgan ishg‘ol guruhi uchta binoda tozalash jarayonini shiddat bilan amalga oshirdi. Harakatlar jangovar zirhli texnikalar va xizmat itlari ko‘magida amalga oshirilib, sanoqli daqiqalar ichida ko‘zlangan maqsadga erishildi.
Hamkorlikdagi mazkur taktik o‘quv mashg‘ulotining tantanali yopilish marosimida qardosh davlatlarning do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashi borasidagi jihatlarga alohida to‘xtalib, "Hanjar-2024" maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirliklarining maxsus ko‘krak nishonlari topshirildi.