Bugun 20 dekabr, 2025 yil, shanba

КИР

O‘zbekiston Prezidenti Nara shahri meri bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidenti Nara shahri meri bilan uchrashuv o‘tkazdi

Gen Nakagava Nara shahridagi yangi bog‘lardan biriga Samarqand nomi berilishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga alohida urg‘u bergan holda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘tmishi uzoq aloqalarga ega bo‘lgan Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgani yuqori baholandi. Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining markazi, Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara esa uning sharqiy darvozasi bo‘lgani ta’kidlandi. Bu shaharlar sivilizasiyalar o‘rtasidagi madaniy ko‘priklar vazifasini bajarib, xalqaro savdo va bilim almashinuvini rivojlantirishda muhim rol o‘ynagan.

2027 yilda Nara milliy muzeyida namoyish etiladigan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu loyiha O‘zbekiston – Yaponiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 35 yilligi sharafiga o‘tkaziladigan yirik madaniy tadbir bo‘ladi.

Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi abadiy do‘stlik hamda madaniy va tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Nara shahridagi yangi bog‘lardan biriga Samarqand nomini berishga qaror qilinganini e’lon qildi.

Suhbat davomida ikki birodar shahar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiya aloqalarini faol rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik, transport, logistika va shaharsozlik kabi sohalarda kooperasiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Kiritildi: Bugun 12:36. O'qildi: 237 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!