Nyu York shahrida O‘zbekiston va Nauru o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma komyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Nauruning BMTdagi doimiy vakili Lara Erab Daniyel imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hujjatning imzolanishi O‘zbekiston bilan xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Shu tariqa, Nauru respublikasi O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 159-davlat bo‘ldi.