Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘ZA xabar berdi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2024 yil 27 sentyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun atroflicha muhokama qilindi.
Bitimda ikki davlat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, har ikki davlat fuqarolarini bir-birining hududida teng huquqiy himoya bilan ta’minlash hamda fuqarolik va iqtisodiy masalalar yuzasidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish, sud hujjatlarini tan olish va ijro etish kabi masalalar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi mavjud.
Senatorlar Bitimning ratifikasiya qilinishi ikki mamlakat o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy sohalarda huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini qayd etdi.
Majlisda “Turkiy davlatlar tashkilotining Fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2024 yil 6 noyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Bitimda tashkilotga a’zo davlatlarning favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tabiiy ofatlar vaqtida tezkor qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi monitoring, tahlillar natijalarini hamda o‘zaro tajriba almashinuvini tizimlashtirish hamda o‘zaro yordam va hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish kabi masalalarning huquqiy asoslari va mexanizmlari belgilangan.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik choralarini yanada samarali tashkil qilishda, tabiiy ofatlar oqibatida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda davlatlararo hamjihatlik va hamkorlikka zamin bo‘ladi.
Senatorlar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, mutaxassis va ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.