Bugun 9 may, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida qator tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida qator tashabbuslarni ilgari surdi

Sammitning ahamiyati

Avvalo, shuni aytish kerakki, joriy yilning 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining navbatdagi beshinchi Maslahat uchrashuvi do‘stona, ochiq va o‘zaro yuqori ishonch ruhida bo‘lib o‘tdi.

Bu borada qator muhim omillarni sanab o‘tish mumkin:

Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari o‘z chiqishlarida bugungi kunda mintaqada turli sohalarda hamkorlik aloqalari kengayib ijobiy dinamikaga ega bo‘layotgani va mustahkamlanib borayotganini e’tirof etishdi. Ahamiyatlisi, intensiv rivojlanayotgan bunday hamkorlik aloqalari mintaqa davlatlarining o‘zaro manfaatli kelishuviga asoslanadi.

Ikkinchidan, bugungi kunda Markaziy Osiyoda tobora shakllanib borayotgan do‘stona aloqalar eng avvalo, mintaqa davlatlari yetakchilarining o‘zaro ishonchli munosabatlari va siyosiy irodaning mavjudligi bilan izohlanadi. Buni mazkur formatda oldingi yillardagi bo‘lib o‘tgan tadbirlar misolida ko‘rish mumkin. Shu ma’noda, beshinchi Maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo davlatlari amalda kichik o‘ziga xos bir davrni tugatib, yangi davrga yanada katta marralarga qat’iyat bilan qadam qo‘yishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishdi.

Uchinchidan, muhim jihatlardan yana biri, mintaqa davlatlari bugungi tahlikali davrda o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik an’analarini mustahkamlash, hamjihatlik va birlashish ob’ektiv zarurat, real voqelik ekanini bildirishdi. Buni mintaqada joylashgan davlatlar yetakchilarining Maslahat uchrashuvi doirasida qilgan ma’ruzalaridan sezish qiyin emas. Buning natijasida Markaziy Osiyo mustaqil va yaxlit hudud sifatida shakllanmoqda.

To‘rtinchidan, Markaziy Osiyoga nisbatan xalqaro hamjamiyatning ijobiy munosabati shakllanmoqda. Buni ushbu Maslahat uchrashuvida BMT va Yevropa tashkilotlari vakillarining ishtirok etgani misolida ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish mazkur sammit doirasida yo‘llagan videomurojaatida bu borada jumladan, shunday dedi: Markaziy Osiyo mintaqasi bugungi kunda dunyoda tinchlik va xavfsizlikdan tortib, iqlim inqirozi va barqaror rivojlanishgacha bo‘lgan butun insoniyat muammolariga yechim izlashda hamda o‘zaro tushunish “ko‘prik”larini qurishda noyob imkoniyatlarga egadir. Shuningdek, Bosh kotib “ushbu uchrashuv mintaqadagi aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotgani va davlatlarning o‘zaro muloqot va mintaqaviy hamkorlikka qat’iy bel bog‘laganidan dalolatdir” deya ta’kidladi.

Yoshlar – Markaziy Osiyoning kelajagi

Mazkur Maslahat uchrashuvida mintaqaning bugungi va ertangi hayoti uchun muhim masalalardan biri bo‘lgan yoshlar masalasiga ham e’tibor qaratildi. Aytish kerakki, yoshlar Markaziy Osiyoning buguni va ertangi kuni uchun o‘ta dolzarb ahamiyatga ega. Zero, Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqalardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi aholining o‘rtacha yoshi 28,6 yoshni tashkil qiladi. Shu bilan birga, yoshlar mintaqa umumiy aholisining deyarli uchdan birini tashkil qiladi. Ayni vaqtda, ushbu yoshlar Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqillik yillarida voyaga yetgan yoshlardir, shu bois ularning dunyoqarashi, intilishlari va qiziqishlari o‘zaro uyg‘un, o‘xshash.

Shu ma’noda, mintaqa davlatlari yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlarini belgilash, mazkur sohada ham “soat millarini to‘g‘irlab olish” va umuman Markaziy Osiyo yoshlarini yaxlit holda ko‘rish o‘ta dolzarb ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirda mintaqa uchun muhim bo‘lgan strategik masalalardan biri yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi.

Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni imzolash.

Ikkinchidan, yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish Markazini tashkil etish.

Uchinchidan, Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi buyuk Markaziy Osiyo mutafakkirlari, olim va faylasuflari sharafiga mamlakatlarimizning iqtidorli yoshlari uchun mintaqaviy ilmiy va ta’lim grantlari hamda stipendiyalar ta’sis etish.

To‘rtinchidan, yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish.

Ta’kidlash kerakki, davlatimiz Rahbari tomonidan bildirilgan ushbu takliflar asosini mintaqaning keyingi rivoji faqatgina yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish hamda eng muhimi ularni turli yot g‘oyalardan asrash masalalari tashkil qiladi. Shuningdek, yoshlardagi mavjud ulkan salohiyatdan oqilona va samarali foydalanish zarurligi masalasiga e’tibor qaratilgan.

Mazkur sammit doirasida 50 dan ortiq, shuningdek bir vaqtning o‘zida 16 ta turli tadbirlar tashkil qilindi. Bular mintaqa davlatlarining turli soha vazirlari, madaniyat va san’at namoyondalari, oliy o‘quv muassasalari rektorlarining hamda yoshlar masalalariga mas’ul tashkilotlar vakillarining uchrashuvlaridir. Ushbu uchrashuvlarning barchasida asosiy masala yosh avlodni yetuk, barkamol qilib voyaga yetkazish, ularni bugungi kunda kuzatilayotgan turli tahdid va xavf-xatarlardan asrash masalalari markaziy o‘rinni egalladi. Asosiy maqsad — yoshlarni birlashtirish, ulardagi salohiyatdan o‘z vaqtida mintaqaning kelajagi va rivoji uchun samarali foydalanishdan iborat.

O‘zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoyev tomonidan mintaqa yoshlarini birlashtirish, ularning ulkan salohiyatidan oqilona va samarali foydalanish hamda buning uchun ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish xususida ushbu formatdagi oldingi uchrashuvlarda ham tashabbus bildirilgan. Xususan, mamlakatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining birinchi Maslahatlashuv uchrashuvida (15 mart, 2023 yil) O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlar forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi. Ushbu forum 2018 yilning 26-30 iyun kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilgan.

Aytish kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar siyosatiga davlat siyosatining ajralmas tarkibiy qismi sifatida yondashuv mustahkamlanmoqda. Xususan, bu borada zamonaviy tendensiya va yangi davrga hamohang huquqiy baza yaratildi — umumiy hisobda mazkur yo‘nalishda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning soni 60 tadan oshdi. Tarixan qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlatning yoshlarga bo‘lgan munosabati, yondashuvi konseptual va strategik jihatdan o‘zgardi.

Xususan, mamlakatda yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi yaxlit institusional tizim yaratildi. Jumladan, Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi, respublika darajasida Bosh vazir rahbarligida, hududlarda esa hokimlar raisligida yoshlar masalalari bo‘yicha Idoralararo kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joylardagi ijro hokimiyati va ichki ishlar organlarida yangi shtat birliklari – yoshlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari va ichki ishlar organlari boshlig‘i o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Ayni paytda, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining kontent tahlili unda yoshlar hayot faoliyati bilan bog‘liq masalalar ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda belgilanganini ko‘rsatadi. Jumladan, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar mazkur strategiyada belgilangan maqsadlarning (jami 100 ta maqsad) 16% da yoki har 6 tadan bir maqsadda yoshlar masalasi mavjudligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, strategiyada “yosh va yoshlar” so‘zi boshqa so‘zlarga qaraganda ko‘proq — jami 80 marotaba ishlatilgan.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz Rahbari nafaqat ichki siyosatda, balki xalqaro maydonda, yirik tadbirlar minbaridan turib ham yoshlar bilan bog‘liq masalalarning jahon hamjamiyati uchun kechiktirib bo‘lmaydigan o‘ta dolzarb ekanini aytmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 72 va 75 sessiyalarida, shuningdek BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi ma’ruzalarida yoshlar masalasiga alohida ahamiyat qaratilgan.

2022 yil sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHTning navbatdagi sammitida mamlakatimiz Rahbari yoshlar masalasiga yana bir bor e’tibor qaratdi. Jumladan, radikalizmning xavfli tendensiyaga aylanib borayotgan bir paytda yoshlarning ekstremistik tashkilotlarga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, turli nosog‘lom mafkuralarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Bularning hammasi O‘zbekistonning yoshlar masalasiga befarq emasligi va aksincha bu borada bildirilayotgan tashabbuslar xalqaro maydonda keng qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

Sammit yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim imzolandi.

Shubhasiz, davlatimiz rahbari tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining navbatdagi beshinchi Maslahat uchrashuvida bildirilgan tashabbuslar mazkur yo‘nalishdagi mintaqaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va yoshlar masalasida yagona yondashuvlarni ishlab chiqishga zamin yaratadi.

Zero, ushbu tashabbuslar mintaqa hayotida yoshlarning rolini kuchaytirishga asoslangan hamkorlikka sodiqligini va o‘zaro munosabatlarning muhim yo‘nalishi ekanini yana bir bor isbotladi.

Shu ma’noda, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va sheriklik aloqalari yangi bosqichda rivojlanib borayotgani hamda bu jarayonda mintaqa yoshlari kelajagiga e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir.

Shu nuqtai nazardan, to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur tashabbus yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirishga va mintaqaning keyingi rivojiga o‘z hissalarini qo‘shish uchun imkoniyatdir.

A.Yusupov

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i

Kiritildi: 21:19 15.09.2023. O'qildi: 1694 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!