Amaliy safar bilan AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib turgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi BMT bosh kotibining yordamchisi – Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi ijrochi direktori Aleksandr Zuyev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Muloqot avvalida agentlik direktori Akmal Burxonov Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Tomonlar o‘zaro doimiy tajriba almashish mexanizmlari hamda istiqboldagi rejalarni muhokama qildilar.
Xususan, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi strategiyasini ishlab chiqish, sud-huquq tizimi xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, sohada kadrlar tayyorlashni tizimlashtirishda o‘zaro hamkorlik qilish takliflari ilgari surildi.
O‘z navbatida, BMT vakillari O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar faoliyati va funksiyalarini tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida sohani takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTning Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi o‘rtasida Strategik hamkorlik bitimi imzolandi.
Bitim doirasida ikki idora o‘rtasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish salohiyatini BMT standartlari va talablariga muvofiq rivojlantirish, shu jumladan, aksilkorrupsiya siyosatiga oid hujjatlar, kasbiy tayyorgarlik, o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlarida amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik bitimining har bir yo‘nalishi bo‘yicha aniq vazifa va rejalar belgilab olindi hamda ularning amalga oshirilishidan har ikki tomon birdek manfaatdor bo‘lishi qayd etildi.