Bugun 25 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston kompaniyasi Afg‘onistonda gaz qidirish va qazib olish bilan shug‘ullanadi

O‘zbekiston kompaniyasi Afg‘onistonda gaz qidirish va qazib olish bilan shug‘ullanadi

O‘zbekistonning Eriell kompaniyasi Afg‘onistonda gaz qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda 25 oktyabr kuni «Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi» doirasida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ma’lum qildi, deb xabar berdi Gazeta.uz.

10 oktyabr kuni O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida Afg‘oniston shimolidagi Jauzjon va Faryob viloyatlaridagi Tuti-Maydon uchastkasida tabiiy gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.

10 yillik shartnoma taxminan 1 milliard dollarlik sarmoyani o‘z ichiga oladi: birinchi yilda 100 million dollar va keyingi to‘qqiz yilda 900 million dollar.

Hujjat Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar Oxund va O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Ismatulla Irgashev ishtirokida imzolandi.

Kon va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulloh Badri ishlab chiqarilgan gaz dastlabki ikki yilda 100 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatilishini qayd etdi.

Ismatulla Irgashevning aytishicha, Tuti-Maydan konining gaz zaxiralari 3 trillion kub metrga baholangan, u 7 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonni egallaydi.

«Muhandis va mutaxassislar 8 ta eski quduqni qayta tiklash ishlarini o‘rganmoqda. Gazni o‘zlashtirish boshlanganidan so‘ng dastlabki ikki yilda bir necha milliard kub metr gaz qazib olish rejalashtirilgan. Shartlarga ko‘ra, O‘zbekiston 25 yil davomida bu sohaga har yili 100 million dollar sarmoya kiritadi va 10 yildan so‘ng konni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sarmoyani 1 milliard dollargacha oshiradi», — dedi u.

Maxsus vakilning qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan gaz gaz quvurlari orqali O‘zbekistonga yetkaziladi, qayta ishlanadi va Afg‘oniston bozoriga qayta beriladi.

Irgashevga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining maqsadi nafaqat o‘z mamlakatining, balki Markaziy Osiyo davlatlarining ham iqtisodiy rivojlanishi, tinchligini ta’minlash va shu nuqtai nazardan Afg‘onsitonga alohida ahamiyat qaratib, afg‘on muammosini iloji boricha tezroq hal qilish hamda Afg‘onistonni butun dunyo hamjamiyatga munosib bo‘lgan xalqaro bir hamkorga aylantirishdan iborat.

Eriell — 2004 yilda tashkil etilgan neft konlari xizmatlari kompaniyalar guruhi. Neft va gaz kompaniyalari uchun quduqlarni qurish va qayta ishlash xizmatlarini ko‘rsatadi. «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati buyurtmasiga ko‘ra, «Alan», «O‘rtabuloq», «Janubiy Tandircha», «Quyi Surg‘il», «Shimoliy Berdaq» va «Mustaqillikka 25 yil» (M-25) konlarida burg‘ulash ishlari olib borilmoqda, (bu yerda buyurtmachi Surhan Gas Chemical Operating Company hisoblanadi). 2023 yil iyul oyida kompaniya Rossiyadagi sho‘ba korxonalarini sotdi.

Kiritildi: Bugun 17:24. O'qildi: 302 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!